Qo‘mita masʼullarga farmatsevtika tarmog‘idagi muammolarni hal etish bo‘yicha takliflar berdi

01.02.2024 1528

Oliy Majlis Senatining Fan, taʼlim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi majlisida farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirishga oid vazifalar ijrosi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar holati yuzasidan Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktorining axboroti eshitildi.

Majlisda senatorlar, ekspert guruhi aʼzolari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari tegishli doimiy komissiya raislari, vazirlik va idoralar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

 

Dastlab majlisda farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirishga oid vazifalar ijrosi yuzasidan Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktorining axboroti eshitildi.

Taʼkidlanganidek, bugungi kunda mamlakatimizda farmatsevtika faoliyati bilan shug‘ullanuvchi jami 204 ta korxona faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, dorivor o‘simliklar va biologik faol qo‘shimchalar ishlab chiqaruvchi 276 ta korxona mavjud.

Farmatsevtika (dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ishlab chiqaruvchi) korxonalari tomonidan 3922 turdagi mahsulotlar tayyorlanyapti. Xususan, 3290 turdagi dori vositalari, 468 turdagi tibbiy buyumlar, 84 turdagi tibbiy texnikalar hamda 80 turdagi substansiyalar ishlab chiqarilmoqda.

Respublikada faoliyat yurituvchi jami 82 ta korxonadan 40 tasida GMP talablari, 500 dan ortiq ulgurji tashkilotlarning 151 tasida GDP talablari joriy etildi. Shuningdek, 1 ta laboratoriyada GLP talabi, 1 ta saqlash omborxonasiga GSP hamda 1 ta dorixonada GPP talabi joriy etildi.

 

Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi tutash hududdan qo‘shimcha 80 gektar yer maydonini ajratish hisobiga “Tashkent Pharma Park” farmatsevtika klasterining sanoat hududi kengaytirildi.

Bugungi kunda farmatsevtika sanoati bo‘yicha 5 ta (“Bo‘stonliq farm”, “Parkent-farm”, “Andijon-farm”, “Kosonsoy-farm” va “Zomin-farm”) erkin iqtisodiy zonasi faoliyat yuritmoqda.

Muhokamalar jarayonida senatorlar farmatsevtika sohasida yangi ishlab chiqaruvchi korxonalar, ulgurji va chakana savdo tashkilotlari mos ravishda “Zarur ishlab chiqarish amaliyoti (GMP)”, “Zarur distribyutorlik amaliyoti (GDP)” va “Zarur farmatsevtika (dorixona) amaliyoti (GPP)” talablariga muvofiq ravishda tashkil etilmaganligiga eʼtibor qaratdilar.

Majlisda dori vositalari xavfsizligi va sifatini taʼminlash maqsadida dori vositalarini ulgurji (GDP) va chakana (GPP) realizatsiya qiluvchi tashkilotlarga zarur amaliyot standartlarini joriy etish ishlarini tizimli yo‘lga qo‘yish, dorixonalar faoliyatini xalqaro talablar asosida tashkil etish zarurligi qayd etildi.

 

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 21-yanvardagi Farmoni bilan tasdiqlangan 2022–2026-yillarda farmatsevtika tarmog‘ini yana-da rivojlantirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”da belgilangan ayrim vazifalar to‘liq bajarilmaganligi senatorlar tomonidan tanqid ostiga olindi.

To‘liq bajarilmagan vazifalarni qisqa muddatda bajarish bo‘yicha masʼul vazirlik va idoralar vakillarining takliflari asosida chora-tadbirlar belgilashga kelishib olindi. Bundan tashqari, asosiy dori vositalari ro‘yxatini dorilar ro‘yxati, tasdiqlangan klinik bayonnomalar, tavsiyalar va davolash standartlaridagi taqdim etilgan dori vositalari ro‘yxati bilan muvofiqlashtirish yuzasidan amaliy takliflar berildi.

 

Bundan tashqari, davolash-profilaktika muassasalari, dorixonalar hamda dori vositalarini ishlab chiqaruvchi, realizatsiya qiluvchi va qo‘llovchi tashkilotlar tomonidan dori vositalarining qo‘llanilishi chog‘ida nojo‘ya reaksiyalar aniqlangan barcha holatlar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligini xabardor qilish amaliyotini yo‘lga qo‘yish zarurligi taʼkidlandi.

 

Shuningdek, majlisda Sog‘liqni saqlash vazirligi masʼullari hamda “Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” davlat muassasasi rahbarlarining dori vositalari va tibbiy buyumlarning xavfsizligi va sifatini taʼminlash sohasidagi axborotlari ham tinglandi.

O‘tkazilgan o‘rganish va muhokamalar yakuni bo‘yicha Qo‘mitaning farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirishga oid takliflari aks etgan tegishli qarori qabul qilindi.

Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi matbuot xizmati